Tinchlan, ko'ngil, bo'lma dilxun,
Orom topmading sira.
Mayli, garchand kechagi kun,
Bugunni qilar xira.

Boshqa edi kechagi kun,
Sen unimi yo'qlaysan.
Chaqirganda bermading un,
Endi nechun yig'laysan?

Kechagi kun quyosh boshqa,
Boshqa edi tun, maysa.
Bugun boshing urib toshga,
Samar topmay izlaysan.

Bu tungi oy tortiq ma'yus,
Kunduz quyosh ortiq sho'x.
Gullari ham boshqaroq tus-
Kechagiday tortmas, yo'q.

O'tgan o'tdi, dil taskin top,
Bo'lsa hamki xuddi tush.
Kechagi chekilgan azob,
Bugungi quvonchdan xush.

Dil, bugungi bog'larga qo'n,
Bo'lolsang, bo'l asira.
Garchand, dilda kechagi kun
Bugunni qilar xira.








